O‘zbekiston Hukumati bilan Quvayt Hukumati o‘rtasida oliy ta’lim va ilmiy tadqiqotlar sohasida hamkorlik to‘g‘risidagi Bitim kuchga kirdi

2018-yilning 21-fevral kuni O‘zbekiston Respublikasi Hukumati bilan Quvayt Davlati Hukumati o‘rtasida oliy ta’lim va ilmiy tadqiqotlar sohasida hamkorlik to‘g‘risidagi Bitim kuchga kirdi. Hujjat 2017-yil 9-fevralda Al-Quvayt shahrida imzolangan.

Bitim oliy ta’lim va fan sohasida ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirish, ikki mamlakat oliy ta’lim muassasalari (OTM) va tadqiqot markazlari faoliyatini yanada takomillashtirish maqsadida ishlab chiqilgan.

Hujjatga ko‘ra tomonlar talabalar va tadqiqotchilar almashinuvi amalga oshiradilar va ular uchun har yili tegishli stipendiyalar ajratadilar, shuningdek, O‘zbekiston va Quvayt OTMlari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni rivojlantirishga ko‘maklashadilar.

Bitim arab tilini o‘qitish va o‘rganish, manbalarni tadqiq qilish va sharq qo‘lyozmalarini saqlash ishlarida o‘zaro hamkorlikka ko‘maklashadi.

Bitim asosida Quvayt OTMlarida arab tili va adabiyoti o‘qituvchilarining amaliyot o‘tashi orqali hamkorlikni yanada kengaytirish, O‘zbekiston OTMlarida arab tili xonalari va kutubxonalarini zamonaviy texnika vositalari hamda arab tilidagi adabiyotlar bilan jihozlashda o‘zaro hamkorlik qilish rejalashtirilmoqda.

Bitimning to‘liq matni bilan www.lex.uz saytida tanishish mumkin.

 

Вернуться назад

Комментарии

Оставить комментарий