O‘zbekiston delegatsiyasining Afg‘onistonga tashrifi

 2017-yilning 21-dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov boshchiligidagi hukumat delegatsiyasi amaliy tashrif bilan Afg‘oniston Islom Respublikasida bo‘ldi.

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Afg‘oniston Prezidenti Muhammad Ashraf G‘ani bilan 2017-yil 4-6-dekabr kunlari Toshkent shahrida erishgan kelishuvlarini amalga oshirish doirasida O‘zbekiston delegatsiyasi Kobul shahrida qator ikki tomonlama uchrashuvlar o‘tkazdi.

Muzokaralarda hamkorlikning amaliy jihatlari muhokama qilindi, jumladan siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsiya, transport-kommunikatsiya, ta’lim, madaniy-gumanitar va boshqa sohalardagi aloqalarni yanada rivojlantirishning istiqbolli yo‘nalishlari ko‘rib chiqildi.

O‘zbekiston delegatsiyasi “Arg” saroyida Prezident Muhammad Ashraf G‘ani tomonidan qabul qilindi. Afg‘oniston rahbari tomonlarni qiziqtirgan barcha sohalarda O‘zbekiston-Afg‘oniston muloqotini kengaytirishdan manfaatdor ekanligini yana bir bor tasdiqladi.

Ta’kidlanganidek, Surxon – Puli-Humri elektr uzatish tarmog‘i va Mazori-Sharif – Shibirg‘on – Maymana – Hirot temir yo‘lini birgalikda qurilishi, O‘zbekiston tomoni bilan hamkorlikda boshqa yirik loyihalarni tadbiq etish Afg‘oniston uchun strategik ahamiyat kasb etadi.

Kobul shahrida Vazir Abdulaziz Kamilov Afg‘oniston Milliy birdamlik hukumatining Ijroiya kengashi Raisi Abdulla Abdulla, Tashqi ishlar vaziri Salohuddin Rabbani, Moliya vaziri Eklil Hakim, Prezidentning milliy xavfsizlik bo‘yicha Maslahatchisi Muhamma Hanif Atmar bilan ham uchrashuvlar bo‘lib o‘tdi.

Shu kunning o‘zida O‘zbekiston delegatsiyasi a’zolari Afg‘onistonning qator vazirlik va idoralari rahbarlari bilan muzokaralar o‘tkazdi.

 

Вернуться назад

Комментарии

Оставить комментарий