Iqtisodiyot barqarorligining asosiy omili – eksport

 O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 2018-yilining 27-fevral kuni eksportni ko‘paytirish va importni qisqartirish bo‘yicha qo‘yilgan vazifalar ijrosi, bu borada tarmoqlar va hududlardagi ishlar holati tahliliga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Unda Bosh vazir va uning o‘rinbosarlari, tegishli vazirlik va idoralar rahbarlari ishtirok etdi. Videokonferensiya aloqasi orqali joylardan Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri rahbariyati, mahalliy hokimliklar, vazirlik va idoralarning hududiy tuzilmalari, eksportchi korxonalar vakillari qatnashdi.

Yig‘ilish tanqidiy ruhda o‘tdi. Davlatimiz rahbari eksport rejasining bajarilishidagi kamchiliklarni chuqur tahlil qilib, asosiy yo‘nalish va vazifalarni belgilab berdi.

Bugungi kunda mamlakatimiz iqtisodiyotini barqarorlashtirish bo‘yicha muhim islohotlar amalga oshirilmoqda. Raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarish hamda ularni eksport qilish uchun zarur sharoit va imkoniyatlar yaratilmoqda.

Lekin shu paytgacha birorta tashkilot mamlakatimizga kirib kelayotgan mahsulotlar importini tahlil qilmagani, ushbu sohada nazorat butunlay o‘z holatiga tashlab qo‘yilgani tanqid ostiga olindi.

Jumladan, 2017 yilda importni qisqartirish rejasi 88 foizga bajarilgani yana bir bor qayd etildi. Misol uchun, bir yilda 20 million dollarlik kir yuvish kukuni, 13 million dollarlik atir sovun, 49 million dollarlik qurilish materillari va sintetik bo‘yoqlar, 23 million dollarlik shokolad mahsulotlari import qilingan.

Bu holat o‘tgan yillarda qabul qilingan mahalliylashtirish dasturlarining hech qanday asoslarga ega emasligini, faqatgina ko‘zbo‘yamachilik va imtiyoz olish uchun xizmat qilganidan dalolat emasmi, dedi Shavkat Mirziyoyev.

Aslida Investitsiya loyihalari ro‘yxatiga ko‘p import qilinayotgan tovarlarni yurtimizda ishlab chiqarish bo‘yicha loyihalar kiritilishi kerak. Lekin, joylarda va respublikada o‘tirgan mutasaddilar bu oddiy haqiqatga panja ortidan qaramoqda.

Yig‘ilishda ta’kidlanganidek, endi sohadagi ishlarni tashkil etish va nazorat qilishning butunlay yangi tizimi joriy etiladi. Eksportni tashkil etish va monitoring qilishga Bosh vazir o‘rinbosari Nodir Otajonov va Bosh prokurorning birinchi o‘rinbosari Erkaboy Tadjiyev rahbarligidagi guruh javob beradi. Joylarda eksport bilan shaxsan viloyat hokimi va viloyat prokurorlarining birinchi o‘rinbosarlari shug‘ullanadi.

Importni qisqartirish ishlarini tashkil etish va monitoring qilish bo‘yicha respublika Ishchi guruhi ham tuzilib, unga O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Soliq, valyutaga oid jinoyatlarga va jinoiy daromadlarni legallashtirishga qarshi kurashish departamenti boshlig‘i rahbar etib belgilandi. Xuddi shunday ishchi guruhlar hududlarda ham tashkil etiladi va ularga hududiy departament boshliqlari rahbarlik qiladi.

Departamentning vazifalari bugungi kun talablari, import va eksport masalalarini tartibga solish nuqtai nazaridan tubdan o‘zgartiriladi. Departament mamlakatimizdan valyuta maqsadsiz chiqib ketishining oldini olish, importni qisqartirish, uning o‘rnini bosadigan mahalliy mahsulot ishlab chiqarishni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha tizimli ishlarni tashkil etishi zarurligi ta’kidlandi.

Bu ishchi guruhlar joylarda piyoda yurib, eksportchilarni chaqirtirib emas, ularga eksport hajmini oshirishi uchun real yordam berishi, mahsulot eksport qilayotganlarga “yashil koridor” qilib berishi lozim, dedi Shavkat Mirziyoyev. Shu bilan birga, importni muntazam tahlil qilib, mahalliy ishlab chiqarishni rivojlantirish bo‘yicha aniq loyihalarni amalga oshirishga har tomolama ko‘mak berishlari zarur. Vazirlar va tarmoqlar rahbarlari ham o‘z faoliyatini xuddi shu tartibda tashkil etadi.

Eksport va import bo‘yicha qilinayotgan ishlar Bosh vazir hamda Bosh prokuror rahbarligida haftada ikki marta muhokama qilinadi. Masalan, tumanlardagi Ishchi guruhlar fermerlar va aholi tomorqalarida serdaromad meva-sabzavot ekinlari ekish, ularni urug‘lik, mablag‘, o‘g‘it, yoqilg‘i bilan ta’minlash ishlarini tashkil etishga ko‘maklashadi. Har bir tumanda meva-sabzavotni eksport qiluvchi korxona tashkil etish ham bu boradagi muhim vazifa hisoblanadi.

Yig‘ilishda joriy yilning o‘tgan davrida eksport bo‘yicha mo‘ljallangan rejalar va berilgan va’dalar bajarilmagani ta’kidlandi. Xususan, “O‘zagrotexsanoatxolding” aksiyadorlik jamiyati va “O‘zbekoziqovqatxolding” kompaniyasining bu boradagi sustkashligiga jiddiy e’tiroz bildirildi.

O‘zbekistonday davlatda 2017 yilda eksport qilinganidan ko‘p oziq-ovqat mahsuloti import qilingani chidab bo‘lmaydigan ahvoldir, dedi Shavkat Mirziyoyev. Bu yil ushbu sohadagi kompaniyalar rahbarlari, viloyatlar hokimlariga sinov yili bo‘ladi.

Yig‘ilishda eksport bo‘yicha foydalanilmayotgan imkoniyatlar ko‘pligi, ularni ishga solish uchun mutasaddilarda tashabbuskorlik va qat’iyat yetishmayotgani ta’kidlandi.

Ayniqsa, qurilish materiallari va farmatsevtika tarmoqlarida import hajmi eksportdan o‘nlab barobar yuqoriligiga e’tibor qaratildi. Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi, “O‘zqurilishmateriallari” aksiyadorlik jamiyati rahbarlariga tegishli ko‘rsatmalar berildi.

Bunday imkoniyatlar joylarda ham ko‘p. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning shu yil yanvar-fevral oylarida Toshkent, Surxondaryo, Qashqadaryo va Buxoro viloyatlariga tashriflari chog‘ida ushbu hududlarda to‘liq foydalanilmayotgan eksport rezervlari aniqlandi. Jumladan, Surxondaryo viloyatida 95 million dollar, Qashqadaryoda 62 million, Buxoroda 68 million dollarlik qo‘shimcha manbalar yuzaga chiqdi. Boshqa viloyatlarda ham katta eksport salohiyati bor, albatta.

Shu bois Vazirlar Mahkamasi komplekslari rahbarlari, Tashqi savdo vazirligi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklariga tarmoqlar va hududlarda eksport hajmini oshirish bo‘yicha qo‘shimcha rezervlarni aniqlash va Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritish bo‘yicha topshiriq berildi.

Eksport hajmlarini ko‘paytirish yuzasidan mavjud rezervlarni ishga solish bo‘yicha muhim yo‘nalishlar belgilab berildi.

Jumladan, “O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasi va viloyat hokimlariga eksport rejasini har bir korxona, yangi quvvatlar bo‘yicha oyma-oy bajarish yuzasidan “yo‘l xaritalari”ni ishlab chiqish vazifasi qo‘yildi. Bunda 2018 yilga tasdiqlangan investitsiya loyihalari doirasida nazarda tutilgan yangi ishlab chiqarish quvvatlarini muddatidan oldin ishga tushirish va loyiha quvvatiga chiqish, yangi bozorlarni egallash va xorijiy xaridorlar bilan shartnomalar tuzish masalalariga alohida e’tibor qaratiladi.

Eng katta salohiyatga ega sohalardan yana biri – turizmda pul tushumini ko‘paytirish, turistlar boradigan barcha obyektlarga turniket orqali va to‘lov asosida kirish tizimini joriy qilish kerakligi ta’kidlandi.

“O‘zbekiston temir yo‘llari” kompaniyasi va “O‘zbekiston havo yo‘llari” aviakompaniyasining eksport rejasini sezilarli darajada oshirish, 2018 yil eksport dasturi loyihasiga tegishli o‘zgartirishlar kiritish zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.

Joriy yilda meva-sabzavot mahsulotlari eksportini o‘tgan yilga nisbatan 2 barobarga oshirish belgilangan. Buning uchun hududlarda avgust piyozi, sarimsoqpiyoz, to‘qsonbosti ekinlar hosilini o‘z vaqtida va to‘liq yig‘ib olish, ularning eksportga sotishni tashkil etish zarur. Meva-sabzavotchilikka ixtisoslashgan hududlarning salohiyatidan to‘liq foydalanish, paxta va g‘alladan bo‘shatilayotgan qo‘shimcha 150 ming gektar yerga serdaromad ekinlar ekish, yirik eksporter tashkilotlarga qo‘shimcha ekin maydonlarini ajratish, zamonaviy issiqxonalar, muzlatkichli omborxonalar va qayta ishlash korxonalarini tashkil etish kerak.

Shu bois Bosh vazir o‘rinbosarlari va hokimliklarga barcha hududlarda tasdiqlangan “2018 yilda meva-sabzavot, poliz, uzum va dukkakli mahsulotlar yetishtirishni ko‘paytirish, qayta ishlash, eksport hajmlarini oshirish va ichki iste’molni ta’minlash, oziq-ovqat loyihalarni amalga oshirish hamda sohani rivojlantirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar” dasturlarini to‘la amalga oshirish yuzasidan ko‘rsatmalar berildi.

Tovarlarni saqlash, eksportga tayyorlash va tashish bo‘yicha kompleks xizmatlarni ko‘rsatuvchi zamonaviy logistika markazlari tashkil etish bo‘yicha aniq “yo‘l xaritalari”ni tasdiqlash zarurligi qayd etildi.

Mahsulotlarni xorijga elektron savdo maydonchalari orqali sotish bo‘yicha ham zamonaviy mexanizmlar joriy etish zarur. Shu bois Janubiy Koreya bilan hamkorlikda 2019 yil 1 yanvardan boshlab, mahalliy eksportyor korxonalarning tovarlarini xorijiy xaridorlar tomonidan sotib olish imkoniyatini beradigan O‘zbekiston milliy savdo elektron maydonchasini ishga tushirish bo‘yicha topshiriq berildi.

Mamlakatimizda qanday eksportchi korxonalar borligi va ularning qanday tovarlar ishlab chiqarishi to‘g‘risida xorijiy korxonalar ham, mahalliy korxonalar va davlat idoralari ham axborot oladigan to‘liq manba yo‘qligiga e’tibor qaratildi. Shu bois har bir eksportchi korxona to‘g‘risidagi elektron axborotlar bazasini shakllantirish, ularning mahsulotlari to‘g‘risida to‘liq ma’lumot, marketing tadqiqotlari natijalari, eksport hajmi kabi ma’lumotlarni o‘z ichiga oluvchi elektron pasportni joriy etish vazifasi qo‘yildi.

Yig‘ilishda Vazirlar Mahkamasi komplekslari, vazirlik va idoralar, xo‘jalik birlashmalari hamda hududlar rahbarlarining hisobotlari tinglandi va muhokama qilindi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev mamlakatimiz eksport salohiyatini oshirish, eksportchi korxonalar va tadbirkorlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha aniq topshiriqlar berdi.

O‘zA


Вернуться назад

Комментарии

Оставить комментарий