Dori vositalari va tibbiyot buyumlari ishlab chiqarish hamda olib kirishni yanada tartibga solish chora-tadbirlari to‘g‘risida

 O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 7-noyabrdagi “Farmatsevtika tarmog‘ini boshqarish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-5229-son Farmoniga muvofiq, shuningdek, mahalliy farmatsevtika mahsulotlarining ishlab chiqarish hajmlarini ko‘paytirish va raqobatbardoshligini oshirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, respublikaga dori vositalari va tibbiyot buyumlari olib kirishni yanada tartibga solish maqsadida:

1. Belgilab qo‘yilsinki:

korxonaning o‘zi tomonidan tayyorlangan dorivor moddalar (substansiyalar) va butlovchi buyumlardan dori vositalari va tibbiyot buyumlarini ishlab chiqarish to‘liq texnologik sikl bo‘yicha dori vositalari va tibbiyot buyumlarini ishlab chiqarish hisoblanadi;

korxonaning o‘zi tomonidan tayyorlanmagan dorivor moddalar (substansiyalar) va butlovchi buyumlardan dori vositalari va tibbiyot buyumlarini ishlab chiqarish to‘liq bo‘lmagan texnologik sikl bo‘yicha dori vositalari va tibbiyot buyumlarini ishlab chiqarish hisoblanadi;

dori vositalari yoki tibbiyot buyumlarini ishlab chiqarish uchun mo‘ljallangan, O‘zbekiston Respublikasi hududidan tashqarida qadoqlash, iste’mol o‘rami va markirovka qilishdan tashqari barcha texnologik bosqichlardan o‘tgan har qanday qadoqlanmagan dori vositasi yoki tibbiyot buyumi “in bulk” mahsulot deb e’tirof etiladi.

2. Belgilansinki:

dori vositalari va tibbiyot buyumlari to‘liq yoki to‘liq bo‘lmagan texnologik sikl bo‘yicha ishlab chiqarilgan taqdirda ular mahalliy ishlab chiqarish mahsuloti deb e’tirof etiladi;

dori vositalari va tibbiyot buyumlari yuqoridagi mezonga muvofiq bo‘lmagan yoki “in bulk” mahsulot asosida ishlab chiqarilgan hollarda, ular mahalliy ishlab chiqarish mahsuloti deb e’tirof etilmaydi;

markirovka qilish va o‘rashdan tashqari korxonaning o‘zi tomonidan

barcha yoki alohida butlovchi va texnologik qismlarni ishlab chiqarish yoxud markirovka qilish va o‘rashdan tashqari butlovchi va texnologik qismlarni, shu jumladan, import qilinayotganlarni yig‘ish yo‘li bilan ishlab chiqarish tashkil etilgan hollarda tibbiyot texnikasi mahalliy ishlab chiqarish mahsuloti deb e’tirof etiladi.

3. Vazirlar Mahkamasi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi bilan birgalikda bir hafta muddatda:

mazkur qaror qoidalarini inobatga olgan holda, Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga “Dori vositalari va farmatsevtika faoliyati to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi qonun loyihasini;

mazkur qaror talablaridan kelib chiqib, Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 22-dekabrdagi 352-son qarori bilan tasdiqlangan Dori vositalari va tibbiy buyumlarni ro‘yxatdan o‘tkazish hamda ro‘yxatdan o‘tkazilganlik guvohnomasi berish tartibi to‘g‘risidagi nizomga dorivor moddalar (substansiyalar) va dorivor o‘simlik xomashyosini ro‘yxatdan o‘tkazish tartibini yanada takomillashtirishni nazarda tutuvchi o‘zgartish va qo‘shimchalarni kiritsin.

4. O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi:

2018-yil 1-fevralga qadar xorijiy dori vositalari va tibbiyot buyumlari ishlab chiqaruvchilarning ro‘yxatdan o‘tish hujjatlariga ularning arizasiga muvofiq yig‘im undirmagan holda “in bulk” mahsulotning o‘rami va markirovkasi haqidagi ma’lumotni ko‘rsatishga oid qismiga o‘zgartirish kiritilishini ta’minlasin;

2018-yil 1-martga qadar dori vositalari, tibbiyot buyumlari va tibbiyot texnikalarini mazkur qarorning 1- va 2-bandlarida nazarda tutilgan mezonlar asosida mahalliy ishlab chiqarish mahsuloti deb topish nuqtai nazaridan ularni ishlab chiqarishni texnologik auditdan o‘tkazsin.

5. Dori vositalari va tibbiyot buyumlarini to‘liq va to‘liq bo‘lmagan texnologik sikl bo‘yicha, shuningdek, mahalliy mahsulotlar orasida muqobili bo‘lmagan “in bulk” mahsulot asosida dori vositalari va tibbiyot buyumlarini ishlab chiqaruvchi korxonalarga davlat xaridlarida ishtirok etishda xorijiy ishlab chiqaruvchilarning xuddi shunday mahsuloti qiymatidan 20 foiz miqdorida narx preferensiyalari taqdim etilsin.

6. Belgilab qo‘yilsinki:

2018-yil 15-apreldan boshlab dori vositalari va tibbiyot buyumlarining “in bulk” mahsulotni import qilishda, ro‘yxatdan o‘tgan to‘liq yoki to‘liq bo‘lmagan texnologik sikl bo‘yicha ishlab chiqariladigan xuddi shunday mahalliy mahsulotlar mavjud bo‘lgan taqdirda, qo‘shimcha qiymat solig‘i bo‘yicha imtiyozlar qo‘llanilmaydi;

dori vositalari va tibbiyot buyumlari ishlab chiqaruvchi korxonalarga “in bulk” mahsulot asosida tayyorlangan mahsulotlar qismiga, ro‘yxatdan o‘tgan xuddi shunday mahalliy mahsulotlar mavjud bo‘lmagan taqdirda, qo‘shimcha qiymat solig‘i bo‘yicha imtiyozlar 2019-yil 1-yanvarga qadar saqlab qolinadi.

7. O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda qonun hujjatlariga mazkur qarordan kelib chiqadigan o‘zgartish va qo‘shimchalar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

8. O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi va Hisob palatasi bilan birgalikda bir oy muddatda dori vositalari va tibbiyot buyumlarining muomalasi va ishlab chiqarilishi yuzasidan tanqidiy o‘rganish o‘tkazsin hamda ularni tartibga solish bo‘yicha zarur choralar ko‘rsin.

9. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov va O‘zbekiston Respublikasining Bosh prokurori I.B.Abdullayev zimmasiga yuklansin.

 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.MIRZIYOYEV

Toshkent shahri, 2018-yil 23-yanvar

 

Вернуться назад

Комментарии

Оставить комментарий